Mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida, tadbirkorlikka qulay investitsion iqlim va ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, xususiy mulk rolini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish va qulay shart-sharoitlar yaratish vazifalaridan, shuningdek, 2018 yil uchun soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, soliq yukini yanada pasaytirishga, soliq tizimini soddalashtirishga va soliq ma’murchiligini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bois 2018 yil 27 aprel kuni Soliq akademiyasida «Soliq ma’murchiligini takomillashtirish orqali soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Ilmiy anjumanning asosiy maqsadi mamlakatimizdagi iqtisodiyot yo‘nalishida oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlar va mustaqil izlanuvchilarning mamlakatimizda ro‘y berayotgan iqtisodiy jarayonlarda ishtirokini yanada faollashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda soliq siyosati takomillashtirish xususidagi yondoshuvlarini va nuqtai-nazarini mustahkamlashdan iborat.
Konferensiya ishida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – Akademiya rektori E.F.Gadoyev, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi davlat soliq bosh inspektori S.R.Boymurodov, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yu.f.d. B.I.Ismoilov, Тoshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Moliya va soliqlar” kafedra mudiri, i.f.n. S.K.Хudoyqulov, Soliq akademiyasi pedagog xodimlari hamda ilmiy izlanuvchilar va magistrantlar ishtirok etdilar.
Ushbu ilmiy anjumanda soliq ma’murchiligini takomillashtirish, elektron tijorat, elektron shaklda hisobot taqdim etishda buxgalteriya hisobi, audit va iqtisodiy tahlilning muammolari, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashda investitsion faoliyatning ahamiyati, investitsion iqlim va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashda moliya-bank tizimining o‘rni, tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar o‘rganildi va muhokama qilindi.
Kelgusi davrlarda soliq tizimini isloh qilish va takomillashtirish bo‘yicha olimlar va tadqiqotchilar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etildi.