Surxondaryo viloyatidan tushgan savollarga javoblar

Savol:   Bank imtiyozli kreditni ta’minotchi korxona orqali ta’minlashga ma’sulmi?

Javob:  Yo‘q, ma’sul emas, bank faqat kredit beradi, kredit summasini moliyalashtiradi va ta’minotchiga ushbu kredit summasini o‘tkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Savol:   Kredit olish uchun yig‘iladigan xujjatlarni fuqarolar yig‘ib bo‘lgunga qadar dastur bo‘yicha kredit berish yakunlanib qolmoqda?

Javob:  Ushbu kamchilik amaliyotda uchraydi, bu bo‘yicha Markaziy bank Respublika bosh boshqarmasi kredit berish bo‘yicha soddalashtirilgan tartiblarni ishlab chiqmoqda va bu kabi kamchiliklar kelgusida bartaraf etiladi.

Savol: PQ-4231-sonli qaror mazmuni haqida gapirib bersangiz?

Javob: Prezidentning 2019 yil 7-martda “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish”ga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi PQ-4231-sonli qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga bir qator topshiriq va vazifalar belgilab berildi.

Savol: PQ-4231 bo‘yicha qanday kreditlar berilmoqda?

Javob: SHaxsiy tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida issiqxonalar tashkil etish, urug‘liklar, ko‘chatlar, naslli chorva mollari va parrandalar, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik, qandolatchilik uskunalari xarid qilish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, oziq-ovqat va nooziq-ovqat iste’mol mollari ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini uskuna va xomashyo xarid qilish;

tumanlarda sartaroshxona xizmatlari, yakka tartibdagi buyurtmalar bo‘yicha kiyim tikish xizmatlari, poyabzal ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni tashkil etishga;

qishloq tumanlarida, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida kasanachilikni rivojlantirish uchun ajratiladi.

Savol: “Har bir oila-tadbirkor” dasturi bo‘yicha imtiyozli kreditlar qanday maqsadlarga ajratilmaydi?

Javob: Ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;

Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish;

Savdo-vositachilikni amalga oshirish;

Umumiy ovqatlanish korxonalarining aylanma mablag‘larini shakllantirish;

Ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni sotib olish;

Ma’muriy xarajatlarni to‘lash, jumladan xizmat avtomobillari ta’minoti;

Mebel, uyali telefon sotib olish, shuningdek aloqa xizmatlariga to‘lov maqsadlari uchun ajratidmaydi;

Savol: Har bir oila-tadbirkor” dasturi bo‘yicha imtiyozli kredit foizini to‘lash uchun yo‘naltiriladigan summadan daromad solig‘i ushlanadimi?

Javob: Soliq kodeksining 179-moddasiga asosan ushbu kredit uchun yo‘naltiriladigan summadan daromad solig‘i ushlab qolinadi, faqat ipoteka kreditlarini qoplash uchun yo‘naltiriladigan summalardan daromad solig‘i ushlab qolinmaydi.

Savol: Penya hisoblash bo‘yicha ma’lumot bersangiz?

Javob: Soliq kodeksining 120-moddasiga muvofiq to‘lovning belgilangan muddatidan keyingi kundan e’tiboran muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun, to‘lov kuni ham shunga kiradi, 0,045 foiz miqdorida penya hisoblashga sabab bo‘ladi, agar penyani hisoblash soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha DSXO tomonidan amalga oshirilsa 0,06 foiz miqdorida penya hisoblanadi.

Savol: Xronometraj ko‘zdan kechirish, tadbirkorlik sube’ktlarida necha kun davom etadi?

Javob: Yangi qonunchilik bo‘yicha xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish yetti kalendar kunidan oshmasligi lozim.

Savol: Yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan Yer solig‘ining to‘lov muddatlari qachon?

Javob: Yer solig‘i quyidagicha to‘lanadi (Soliq kodeksining 286-moddasi):

mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan – soliq yillik summasining 1/4 qismi miqdorida: 10-yanvargacha; 10-aprelgacha; 10-iyulgacha; 10-oktabrgacha;

qolgan soliq to‘lovchilar tomonidan – soliq yillik summasining 1/12 qismi miqdorida, har oyning 10-sanasigacha.

Savol: Jismoniy shaxslar daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani qachon topshiradilar ?

Javob: 2018 yildagi daromadlar bo‘yicha deklaratsiya topshirish muddati tugab bormoqda – 31 mart oxirgi kuni sanaladi.

Savol: Kimlar deklaratsiya topshiradi?

Javob: Mulkiy daromadlar olgan, agar ularga to‘lov manbaida soliq solinmagan bo‘lsa;

fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida daromadlar olgan;

asosiy bo‘lmagan ish joyidan moddiy naf tarzidagi daromadlar olgan;

ikki yoki undan ko‘p manbadan daromadlar olgan;

O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan daromadlar olgan;

soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan daromadlar olgan;

O‘zbekiston rezidentiga aylangan chet ellik jismoniy shaxslar.

Amaldagi tartibotga ko‘ra, 2019 yil yakunlari bo‘yicha deklaratsiya topshirish fuqarolar uchun ixtiyoriy etib belgilandi.

Savol:   Mavzuga oid va ekspress-o‘rganish necha kun davom etadi?

Javob:  Mavzuga oid va ekspress-o‘rganish faqat kameral nazorat o‘tkazilgan soliq davri uchun amalga oshiriladi. Mavzuga oid va ekspress-o‘rganishni amalga oshirish muddati besh ish kunidan oshmasligi kerak.

Savol:   Mavzuga oid va ekspress-o‘rganish nima uchun o‘tkaziladi?

Javob:  Mavzuga oid va ekspress-o‘rganishni tayinlashga kameral nazorat natijalariga ko‘ra soliq organining talabnomasiga binoan soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligini tasdiqlash maqsadida uni o‘rganish zarurati asos bo‘ladi.

Savol: Sement ishlab chiqarishni amalga oshiruvchilar necha foiz foyda solig‘i to‘laydilar?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan boshlab, sement (klinker), polietilen granulalari ishlab chiqarishni amalga oshiruvchilar 20 foiz miqdorida foyda solig‘i to‘lashligi belgilab qo‘yildi.

Savol: 2019 yilda yagona yer solig‘ining stavkasi necha foiz qilib belgilandi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan boshlab yagona yer solig‘i (erning normativ qiymatiga nisbatan)* 0,95 % qilib belgilandi.

Savol: 2019 yildan boshlab yuridik shaxslarning mol-mulk, yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni kimlar to‘laydi?

Javob: 2019 yil 1-yanvardan boshlab, barcha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yuridik shaxslar to‘laydilar.

Savol: 2019 yil uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish tartibi saqlab qolindimi?

Javob:  2019 yilda ham fuqarolarning ayrim toifalari uchun eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolindi.

Savol: Yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslar uchun, bir yillik miqdordagi qat’iy soliqni hisoblash tartibi hali ham mavjudmi?

Javob:  Ushbu tartib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi PF-5490-sonli Farmoni bilan bekor qilindi.

Savol: Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan tekshiruvlar muddatini necha kungacha uzaytirish mumkin?

Javob: Moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan tekshiruvlar, 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga, vakolatli organ roziligi bilan amalga oshiriladi.

Savol: Xo‘jalik yurituvchi sube’ktlar tomonidan soliq yoki moliyaviy hisobotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etilmasa soliq organlari tomonidan qanday choralar ko‘riladi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3802-sonli qaroriga muvofiq, soliq to‘lovchi tomonidan soliq yoki moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari yuzasidan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan hollarda, davlat soliq xizmati organlari qarori asosida soliq to‘lovchi – yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalari to‘xtatib turiladi.

Savol: Soliq monitoringi nima?

 Javob: Soliq monitoringi soliq nazoratining insofli soliq to‘lovchilariga soliq solishning joriy masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda, davlat soliq xizmati organlari va insofli soliq to‘lovchilar o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi shaklidir.

Savol: Turistik xizmat ko‘rsatilganda hisobvaraq-fakturalarda QQS ko‘rsatiladimi?

Javob: Agarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar qonun hujjatlari asosida QQSdan ozod qilingan bo‘lsa rasmiylashtiriladigan hisobvaraq-fakturalarda QQS ko‘rsatilmaydi.

Savol: Qurilish korxonasi soddalashtirilgan tartibda yagona soliq to‘lovi to‘lovchisi hisoblanib, markazlashgan mablag’lar hisobidan qurilishni amalga oshirsa QQS to‘laydimi?

Javob: Soliq solishning soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilgan soliq to‘lovchilar uchun Soliq kodeksining 349-moddasiga asosan qurilishi moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalarini jalb etgan holda tanlov savdolari asosida amalga oshirilayotgan obyektlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash majburiyati yuzaga keladi.

Savol: Korxona import qilingan tovarlari uchun bojxonada to‘llangan QQS yillik soliq hisobotida hisobga olinadimi?

Javob: Soliq kodeksining 218-moddasiga asosan import qilingan tovarlar bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida byudjetga to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Savol:   Soliq to‘ lovlarini kechiktirganda, necha foiz penya hisoblanadi?

Javob:  O‘RQ-508-son Qonuniga muvofiq Soliq to‘lovchilarning soliqlarni to‘lash majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishlarini ta’minlash maqsadida, to‘lovning belgilangan muddatidan keyingi kundan e’tiboran muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun undiriladigan penya 0,033 foizdan 0,045 foiz qilib belgilandi.

Savol:   2019 yilda dividendlar tarzida to‘lanadigan daromadlardan necha foiz soliq to‘lanishi haqida ma’lumot bersangiz?

Javob:  PQ-4086-son qaroriga muvofiq dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig‘i stavkasi 10 foizdan 5 foizga pasaytirildi.

Savol: Qo‘shilgan qiymat solig‘ining soddalashtirilgan stavkalari to‘g‘risida ma’lumot bersangiz?

Javob: QQSning soddalashtirilgan stavkalari iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi yuridik shaxslar uchun uchun 7 foiz, chakana, ulgurji, shuningdek ulgurji-chakana savdoni amalga oshiradigan savdo korxonalar uchun 6 foiz, qurilish tashkilotlari uchun 8 foiz va umumiy ovqatlanish, mehmonxona xizmati korxonalari uchun 10 foiz miqdorida belgilandi.

Savol: Jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulkini kadastr qiymati bo‘lmasa mulk solig‘i qanday hisoblanadi?

Javob: PQ-4086-son qaroriga muvofiq jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 2018 yil darajasida saqlab qolindi.

Jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash organlari belgilagan kadastr qiymati bo‘lmasa, soliq undirish uchun Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek viloyat markazlarida 210 000 ming so‘m, boshqa shaharlar va qishloq joylarda – 90 000 ming so‘m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati qabul qilinishi saqlab qolindi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarda belgilangan tartibda ro‘yxatga olinmagan yangi qurilgan turar joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulk shartli qiymatining ikki baravari miqdoridan kelib chiqib undiriladi.

Savol: Agar noturar joy ko‘p qavatli uyda joylashgan bo‘lsa yer solig‘i qanday hisoblanadi?

Javob: PQ-4086 ga muvofiq, ko‘p qavatli uylarda joylashgan noturar joy bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i qavatlarning soniga bo‘lingan noturar joy maydonidan kelib chiqib hisoblab chiqariladi.

Savol: Tugallanmagan qurilish ob’ektlarining yer solig‘i qanday hisoblanadi?

Javob: PQ-4086 ga muvofiq, tugallanmagan qurilish ob’ektlari egallagan yer uchastkalari uchun yer solig‘i, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ikki baravar stavkada to‘lanadi.

Savol: Jismoniy shaxs o‘ziga tegishli turar joyini ijaraga berishda 1 kv.metr uchun 2019 yilda necha so‘m bo‘ldi?

Javob: PQ-4086 qaroriga muvofiq 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab:

turar joyni ijaraga berishda 1 kv.metr uchun Toshkent shahrida – 10500 so‘m , Nukus shahri va viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda – 6500 so‘m va boshqa aholi punktlarida – 3000 so‘m qilib belgilandi.

Savol: Fuqaro o‘zining uy-joyini ijaraga bersa bir oyga necha so‘m soliq to‘laydi?

Javob: PQ-4086 qaroriga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan boshlab, jismoniy shaxslarning mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlari va xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulkni sotishdan olingan daromadlariga 12 foizlik stavka bo‘yicha soliq solinadi.

Savol: Korxona buxgalterlari 2019 yilda daromad solig‘i bo‘yicha hisobotlarni qachon taqdim etadilar?

Javob: PQ-4086 qaroriga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan boshlab, ushbu soliq bo‘yicha hisobotni topshirish muddati yilning har oyida, hisobot davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa yillik moliya hisobotini taqdim etish muddatida, to‘lov muddati esa pul mablag‘larini olish uchun xizmat ko‘rsatuvchi bankka hujjatlarni taqdim etish bilan bir vaqtda, biroq hisob-kitoblarni taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Savol: 2019 yilda yengil avtomashinalar uchun to‘lanadigan deklaratsiya to‘lovi 1 oyga necha so‘m bo‘ldi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga muvofiq, 2019 yil 1-yanvardan boshlab, yengil avtomobillarga (yo‘lovchilar, yuk tashish uchun mo‘ljallangan va o‘rindiqlari soni haydovchini hisobga olmagan holda 8 ta joydan ko‘p bo‘lmagan avtotransport vositasi) 1 avtotransport vositasi uchun – 480 000 so‘m qilib belgilandi va ushbu summadan 12 foiz miqdorida daromad solig‘i (deklaratsiya to‘lovi) to‘lanadi.

Savol:   Mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalari 2019 yil 1-yanvardan 20 % da QQS to‘laydimi?

Javob:  PQ-4086 qarorga muvofiq o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha belgilangan chegaraviy miqdordan o‘tmagan mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalari 2019 yil 1-yanvardan boshlab 10 % da QQS to‘laydi.

Savol:   Soddalashtirilgan QQS to‘lovchilar ixtiyoriy standart QQS to‘lovchi bo‘lib faoliyat yuritsa bo‘ladimi?

Javob:  PQ-4086 qarorga muvofiq barcha soddalashtirilgan soliq QQS to‘lovchilar faoliyat yuritadigan joyidagi DSIga borib ariza bergan holda umumbelgilangan soliq to‘lovchisi bo‘lishi mumkin.

Savol:   Yuridik shaxslarning oborotidan undiriladigan majburiy ajratmalar to‘g‘risida ma’lumot bersangiz?

Javob:  PF-5468 ga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan 3,2 foizli majburiy ajratmalar bekor qilindi.

Savol:   Noturar joyni ijaraga berish shartnomasi notarius orqali rasmiylashtiriladimi?

Javob:  DSQning 2018 yil 15-avgustdagi 2018-65-sonli Nizomini tasdiqlash to‘g‘risidagi hamda Adliya vazirligidan 2018 yil 11-oktabrda 3077-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Nizomga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan turar va noturar mulkni ijaraga berishni rasmiylashtirish hududiy DSI tomonidan amalga oshiriladi.

Savol:   Yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan foyda solig‘ining joriy to‘lovlari hisob-kitob taqdim etish muddati qachon?

Javob:  Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining joriy hisob-kitoblari taqdim etish muddati har chorak birinchi oyining 10-kunigacha.

Savol:   Faoliyati ijaraga berish bilan shug‘ullanayotgan yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i qancha?

Javob:  PQ-4086ga muvofiq faoliyati ijaraga berish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar 30% da mol mulk solig‘i to‘laydi.

Savol:   Yagona soliq to‘lovining asosiy stavkasi 2019 yildan necha foiz bo‘ldi?

Javob:  PQ-4086ga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan boshlab yagona soliq to‘lovi bazaviy stavkasi 4 % etib belgilandi.

Savol:   Men o‘zimga tegishli yashash uyimni bir qismini ijaraga bersam mol-mulk solig‘i qay tartibda to‘lanadi?

Javob: SKning 276-moddasiga asosan jismoniy shaxs turar joydan unda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish uchun foydalanilgan taqdirda mol-mulk solig‘i stavkasi o‘zgarmaydi.

Savol:   QQS bo‘yicha ortiqcha to‘lov kim tomonidan qaytariladi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-sonli qarorining 32-bandiga muvofiq, 2019 yildan boshlab nol stavkani qo‘llash natijasida yuzaga kelgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha ortiqcha summani qaytarishni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlarini ushbu summaga kamaytirgan holda amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Savol:         Jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan a’zolik badali to‘lovi 2019 yil 1-yanvardan amalda bo‘ladimi yoki yo‘qmi?

 

Javob:        Jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan kasaba uyushmasi a’zolik badali summalari ixtiyoriy bo‘lganligi sababli 2019 yil 1 yanvardan amalda qoldirildi.

 

Savol:         Jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan daromad solig’ining “0” % lik stavkasi hali ham amaldami?

 

Javob:        O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29-iyundagi
PF-5468-sonli qaroriga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan boshlab: barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida belgilandi.

 

Savol:         Xalq bankiga jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltiriladigan summaning 2 % lik stavkasi 2019 yilda ham amaldami?

Javob:        PQ-4086-sonli qarorga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, shundan 0,1 foizini shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltirish belgilab qo‘yildi.

 

Savol:         Yuridik shaxslarning oborotidan undiriladigan majburiy ajratmalar to‘g’risida ma’lumot bersangiz

Javob:        PF-5468 ga muvofiq 2019 yil 1-yanvardan davlat maqsadli jamg’armalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan 3,2 foizli majburiy ajratmalar bekor qilindi.

 

Savol:         Yuridik shaxslardan undiriladigan mol-mulk solig’i bo‘yicha ma’lumot bering

Javob:        Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini, bino va inshootlardan, shu jumladan ilgari xususiylashtirilgan ob’ektlardan samarasiz foydalanayotgan yuridik shaxslar uchun oshirilgan stavkada soliq hisoblash tartibini saqlab qolgan holda, 5 foizdan 2 foizga pasaytirildi.

 

Savol:         Yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan foyda solig’i stavkasi bo‘yicha o‘zgarish bo‘ldimi yoki yo‘qmi?

Javob:        Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i stavkasini 14 foizdan 12 foizga, tijorat banklari uchun – 22 foizdan 20 foizga, shuningdek, mobil aloqa xizmati ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun rentabellik darajasidan kelib chiqib ular uchun qo‘shimcha foyda solig’i hisoblash tartibini bekor qilgan holda 14 foizdan 20 foizgacha oshirildi.

 

Savol:         Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan qat’iy soliq bo‘yicha qanaqa o‘zgarishlar bo‘ldi?

Javob:        2019 yil 1-yanvardan kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq to‘lovini 4 foiz stavkada to‘lashga o‘tkazildi;

kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliqni hisoblash va to‘lash tartibi saqlab qolindi;

kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda to‘lashligi belgilab qo‘yildi.

 

Savol:         Yakka tartibdagi tadbirkorlar nechtagacha yollanma ishchi olsa bo‘ladi?

Javob:        O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 31-iyuldagi 219-sonli qaroriga muvofiq chakana savdoga 1 nafar, maishiy xizmat ko‘rsatishga 3 nafar va boshqa faoliyat turlari uchun 2 nafargacha yollanma ishchi olish huquqiga ega.

 

Savol:         Jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan sug’urta badali 2019 yil 1-yanvardan necha “%”  qilib belgilandi?

Javob:        O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PF-5468-sonli farmoni bilan 2019 yil 1-yanvardan ish haqidan olinadigan sug’urta badali bekor qilindi.

 

Savol:         Yangi tahrirdagi Soliq kodeki tasdiqlandimi?

Javob: Rivojlangan mamlakatlarning ekspert guruhlari va O‘zbekiston Respublikasi ekspert ishchi guruhi tomonidan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi ishlab chiqilmoqda.

Manzil:
Toshkent shahar, Kichik halqa yo'li 3- uy

telefon: 71-230-90-07, faks: 71-230-16-50
Вернуться на верх