Qashqadaryo viloyatidan tushgan savollarga javoblar

Savol:   Yangi asbob-uskuna sotib olingan. Tovar aylanma bo‘yicha 25 foiz miqdorida yagona soliq to‘lovi bo‘yicha imtiyozga egamiz. Agar umumbelgilangan soliq to‘lovchi bo‘lsak, imtiyoz bizga saqlab qolinadimi?

Javob:  Soliq kodeksining 356-moddasiga asosan soliq solinadigan baza yangi texnologik asbob-uskunalar olishga, biroq soliq solinadigan bazaning ko‘pi bilan 25 foiziga kamaytirilishi mumkin. Bunda, ushbu ko‘rsatilgan xarajatlar amalga oshirilgan soliq davridan boshlab, texnologik asbob-uskuna bo‘yicha esa – u foydalanishga topshirilgan paytdan boshlab besh yil ichida amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, agar korxona umumbelgilangan soliq to‘lovchi bo‘lib ro‘yxatga olingan bo‘lsa, Soliq kodeksining 159-moddasiga asosan foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan foydani 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorga kamaytiriladi. Bunda, soliq solinadigan foydani kamaytirish yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan xarajatlar qilingan soliq davridan e’tiboran, texnologik jihoz bo‘yicha esa u foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran besh yil ichida amalga oshiriladi.

Savol:   Korxona tikuv-trikotaj faoliyati bilan shug‘ullanadi va yagona soliq to‘lovchisi hisoblanadi. Agar korxonamiz tovar aylanmasi 1,0 mlrd. so‘mdan oshsa va umumbelgilangan soliq to‘lovchisi bo‘lsa korxonamizga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha berilgan soliq imtiyozlari tatbiq qilinadimi?

Javob:  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016yil 21-dekabrdagi PQ-2687-son qarori bilan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘ining nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar 2020 yilning 1-yanvariga qadar foyda va mulk solig‘i hamda mikrofirma va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etilgan.

SHunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar nazarda tutilmaganligidan kelib chiqib, korxona umumbelgilangan soliq to‘lovchi bo‘lsa, qo‘shilgan qiymat solig‘ini belgilangan tartibda to‘lashi lozim bo‘ladi.

Biroq, Soliq kodeksining 212-moddasiga asosan tovarlarni chet el valyutasida eksportga realizatsiya qilinsa oborotiga nol darajali stavka bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i solinadi.

Savol: Apteka umumbelgilangan soliq to‘lash tartibiga o‘tdi, dori vositalariga QQS yo‘q, qaysi tartibda soliq tulaydi?

Javob: Soliq kodeksining 208-moddasiga asosan korxona 2019 yil 1-yanvardan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tadi, lekin korxona tomonidan realizatsiya qilinayotgan dori vositalariga ko‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmaydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i hisob-kitobi imtiyoz qo‘llanilgan holda taqdim etiladi.

Savol: Umumiy ovqatlanish korxonalariga yagona soliq to‘lovi 2019 yil qancha qilib belgilandi?

Javob: Umumiy ovqatlanish korxonalari joylashgan joyi aholisi soni 10 ming va undan ko‘p kishidan iborat shaharlardla 2019 yil uchun 8 foiz qilib, boshqa aholi punktlarida 6 foiz qilib, borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda 4 foiz qilib belgilandi.

Savol: Soddalashtirilgan QQS to‘lovchilari schet fakturada qo‘shilgan qiymat solig‘ini ko‘rsatishlari shartmi?

Javob: Soddalashtirilgan QQS to‘lovchilari schet fakturalarida QQS summasini tegishli stavkasini alohida satrda ko‘rsatishlari shart, keyinchalik u sotib oluvchi QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashni umumbelgilangan tartibini qo‘llayotgan soliq to‘lovchi uchun QQS summasini hisobga olish uchun asos bo‘ladi.

Savol: Vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanib, 2018 yilda (mukofot puli 75,0 mln. so‘mdan 33 % soliq xisoblanilgan) lekin (tovar aylanma 3 750,0 mln. so‘m)ni tashkil qilgan. Tashkilot 2019 yilda qanday tartibda soliq to‘laydi?

Javob: SK 350-moddasiga asosan – vositachilik, topshiriq shartnomasi bo‘yicha hamda vositachilik xizmatlari ko‘rsatishga oid boshqa shartnomalar bo‘yicha vositachilik xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar yillik aylanmaning (tushumning) belgilangan chegaraviy miqdorini tovar aylanmasidan (bitim summalaridan) kelib chiqqan holda hisoblab chiqaradi.

Savol: Tovar aylanmasi 1 mlrd so‘mdan kam aylanma amalga oshirilgan taqdirda 2019 yilda soliq solish tartibi o‘zgarishsiz qoladimi?

Javob: Ha, soddalashtirilgan soliq tartibiga, (mol-mulk, yer hamda suv soliq) hisobotlari qo‘shiladi.

Savol: Biz ijarada turamiz, shartnomada suv ijara summasi ichida deb shartnoma qilingan, suv resurslaridan foydalanganliklari uchun soliq to‘lovini kim to‘laydi?

Javob: SK ning 260 moddasiga asosan suv solig‘ini birinchi iste’molchi to‘laydi ya’ni ijarachi o‘zi to‘laydi, siz nol hisobot taqdim qilasiz.

Savol: 2018 yilda qurilgan ko‘p qavatli kvartiralarni 2019 yilda sotsa, kvartirilar narxi 20 foizlik QQS joriy qilinishi hisobiga oshib ketmaydimi?

Javob: Agar qurilish ishlari bajarilganda hisob-varaq fakturalarida QQS summalari ko‘rsatilgan bo‘lsa, kvartiralar sotilganda ushbu QQSni hisobga olish huquqi mavjud. Hisob-varaq fakturalarida QQS ko‘rsatilmagan bo‘lsa, unga nisbatan QQS hisoblanadi.

Savol: Metall qayta ishlash faoliyati bilan YaTT shaklida shug‘ullanib kelindi, tovar aylanma 1 mlrd so‘mdan oshgan. 2019 yil 1-yanardan MCHJ tashkil qilinib, TTZ zavodidan QQS bilan olingan metallar qoldig‘i ustav fondiga kiritilsa, oldingi davrda QQS bilan olingan metallar hisob (zachyot)ga olinadimi?

Javob: Qoldiq tovarlar xisob faktura bilan olingan bo‘lsa inventarizatsiya qilinib hisob (zachyot)ga olinadi.

Savol: Korxonamiz tabiiy sok ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Oborot 1 mlrd. so‘mdan kam bo‘lganligi uchun 4% stavkada yagona soliq to‘lovi to‘laymiz. Lekin hozirgi vaqtda bizni mijozlarimiz 20% QQS bilan ishlashni talab qilmoqda. Ushbu holatda biz tovarlarni realizatsiya qilishda hisobvarq-fakturalarda 20 foizli QQS bilan rasmiylashtirsak bo‘ladimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 222-moddasiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lmagan, shuningdek qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilingan oborotni amalga oshirayotgan yuridik shaxslar hisobvaraq-fakturada qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini ko‘rsatmaydilar hamda «qo‘shilgan qiymat solig‘isiz» degan shtamp bosadi (yozib qo‘yadi).

SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 118-moddasiga binoan, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lmagan mahsulot yetkazib beruvchilar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobvaraq-fakturada aks ettirganlik mahsulot yetkazib beruvchilarga hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Bunda mahsulot yetkazib beruvchi hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan soliq summasini budjetga to‘lashi shart.

Savol: Soddalashgan QQSda qoldiq tovarlarni hisobga olsak bo‘ladimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2263-moddasi beshinchi qismiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llayotgan soliq to‘lovchilar soliq solinadigan aylanmalar bo‘yicha QQSni soliq solinadigan baza va belgilangan tabaqalashtirilgan stavkadan kelib chiqqan holda to‘langan QQSni hisobga olishni qo‘llamasdan hisoblab chiqaradi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llayotgan soliq to‘lovchilari umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tganda tovar-moddiy zaxiralarning qoldiqlari bo‘yicha QQSni hisobga (zachyotga) olish huquqiga ega emas.

Savol: Soddalashtirilgan QQSda hisobga olsam bo‘ladimi?

Javob: Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibidagi soliq to‘lovchilar to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) qo‘shilgan qiymat solig‘ining summasini hisobga olish huquqiga ega emas.

Savol: Vositachilik shartnomasi asosida amalga oshiriladigan aviakassa faoliyati bo‘yicha QQS umumiy tovar aylanmasidan hisoblanadimi yoki ko‘rsatilgan xizmatlar uchun olingan haqdan QQS hisoblanadmi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 204-moddasiga binoan vositachilik shartnomasi, topshiriq yoki vositachilik xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha boshqa shartnoma asosida o‘zga shaxsning manfaatlarini ko‘zlab xizmatlar ko‘rsatilgan taqdirda, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan baza qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini ham o‘z ichiga oladigan, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq (foiz) tariqasida olinishi lozim bo‘lgan summadan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Savol: Yil yakunlari bo‘yicha qoldiq qolgan, Buni QQS bilanmi yoki qanday hisobga olaman?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2261-moddasiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning umumbelgilangan tartibiga o‘tilganda yuridik shaxs ushbu tartibga o‘tilgan paytdan e’tiboran tovar-moddiy zaxirasi, uzoq muddatli aktivlar qoldiqlari, shuningdek tayyor mahsulot qoldiqlari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini ushbu Kodeksning 218-moddasida belgilangan talablarni inobatga olgan holda hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Savol: Yangi korxona tashkil etilgan, biz standart QQSga o‘tsak bo‘ladimi? Tovar aylanmamiz 1 mlrd.ga yetmaydi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2261-moddasiga asosan soliq davri davomida yalpi tushumi uch milliard so‘mdan oshmaydigan yuridik shaxslar, shu jumladan yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari hisoblangan yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning qonunchilikda belgilangan soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqiga ega.

SHundan kelib chiqib, ushbu turdagi soliq to‘lovchilar ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning umumbelgilangan tartibiga o‘tish mumkin.

Savol: Mol-mulklarni sotsa QQS bilan sotiladimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 197-moddasi 1-bandiga binoan soliq solinadigan oborotlarga ega bo‘lgan yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar hisoblanadi va Kodeksning 200-moddasiga asosan soliq to‘lovchining tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti soliq solinadigan oborotdir.

Soliq kodeksining 199-moddasiga asosan binoan mol-mulkni sotish tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti deb e’tirof etiladi.

SHundan kelib chiqqan holda, mol-mulkni sotishda belgilangan tartibda QQS hisoblanadi.

Savol: Bizning korxonamiz PQ-3262-sonli qaror bo‘yicha 2025 yilgacha QQSdan ozod qilingan. Biz QQS bilan olgan mahsulot tovarlar bo‘yicha soliqqa xisobot topshiramizmi?

Javob: Tegishli normativ huquqiy hujjatga asosan QQS to‘lashdan ozod qilingan korxona davlat soliq xizmati organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobotini taqdim etishda hisobotning tegishli ilovasida imtiyozni ko‘rsatga holda hisobotni taqdim etadi.

Savol: QQS stavkasi bo‘yicha 20 % dan mahsulot sotib olingan, lekin bizning oborotimiz 3 mlrd. so‘mdan kam bo‘lganligi sababli, QQSni soddalashtirilgan tartibda to‘laymiz. Ushbu holatda to‘langan QQS summasi qanday tartibda hisobga olinadi.

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2263-moddasiga binoan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibidagi soliq to‘lovchilar soliqni hisoblab chiqarishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqiga ega emas.

Savol: Import bo‘lgan tovarlarga bojxonada QQS to‘lashdan ozod etilgan, agarda ushbu tovarlar ichki bozorga sotilsa QQS hisobga olinadimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 218-moddasiga muvofiq tovarlar import qilinganda qo‘shilgan qiymat solig‘i budjetga to‘langan bo‘lsa, to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish mumkinligi belgilangan.

SHuningdek import qilingan tovarlar bo‘yicha soliqni budjetga to‘lashdan ozod etish tarzida bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan imtiyoz berilgan bo‘lsa ham qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinishi qayd etilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, tovarlarni import qilishda Soliq kodeksining 211-moddasida belgilangan soliq imtiyozlarining qo‘llanilishi, budjetga to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish uchun asos bo‘lmaydi, ya’ni 211-modda belgilangan soliq imtiyozlari qo‘llanilganda qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinmaydi.

Savol: QQSni 1-3 mlrd va undan ko‘p daromad qilganlar uchun deb belgilangan. Bu summa inflyatsiya jarayonini hisobga olganmi va kelajak 5 yil davomida 1-3 mlrd deb belgilangan summa qanchagacha o‘zgarishi prognoz qilinmoqda?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi to‘g‘risida”gi PF-5468-sonli Farmoniga muvofiq, belgilangan ushbu chegaraviy miqdor har uch yilda kamida bir marta qayta ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Savol: Korxonamiz tabiiy sharbat ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Oborot 1 mlrd. so‘mdan kam bo‘lganligi uchun 4% stavkada yagona soliq to‘lovi to‘laymiz, lekin hozirgi vaqtda bizni mijozlarimiz 20% QQS bilan ishlashni talab qilmoqda. Ushbu holatda biz tovarlarni realizatsiya qilishda hisobvaraq-fakturalarda 20%li QQS bilan rasmiylashtirsak bo‘ladimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 197-moddasi 3-qismiga muvofiq yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar bo‘lgan yuridik shaxslar soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga yilning navbatdagi choragi boshlanguniga qadar bir oydan kechiktirmasdan, yangi tashkil etilayotgan yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar bo‘lgan yuridik shaxslar esa faoliyat boshlanguniga qadar taqdim etiladigan yozma bildirishga asosan ixtiyoriy asosda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashi mumkin.

Agar korxonangiz ixtiyoriy tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchisi bo‘lsa, ushbu holatda tovarlarni realizatsiya qilishda hisobvaraq-fakturalarni QQS bilan rasmiylashtirishingiz shart.

Savol: Yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar mol-mulk solig‘ini 2019 yildan boshlab to‘laydimi yoki 2018 yil hisobotlari bo‘yicha ham to‘laydimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29-iyundagi PF-5468-sonli Farmoniga muvofiq yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun solig‘i 2019 yilning 1-yanvaridan boshlab barcha yagona soliq to‘lovchilar uchun joriy etilganligidan kelib chiqib, yagona soliq to‘lovchilari mol-mulk solig‘ini 2019 yilning 1-yanvaridan boshlab to‘laydilar.

Savol: Aholi soni 100 ming va undan ko‘p bo‘lgan joylarda yagona soliq to‘lovi 4% to‘lanadimi yoki  2%?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 7-ilovasiga muvofiq, aholisi soni 100 ming va undan ko‘p kishidan iborat shaharlarda chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar yagona soliq to‘lovini 4 foizlik stavkada to‘laydi.

Savol: YaSTdan umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tilib foyda solig‘i hisoblab taqdim qilinganda, ma’lumotnoma taqdim etiladimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 164-moddasiga asosan, hisobot davri mobaynida soliq to‘lovchilar yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini joriy to‘lovlarni kiritish orqali to‘laydilar, ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilar bundan mustasno, ya’ni hisobot davrida taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foyda eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan kam miqdorni tashkil etadigan soliq to‘lovchilar joriy to‘lovlarni to‘lamaydi.

Soliq to‘lovchilar yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha joriy hisobot davri birinchi oyining 10-kunigacha davlat soliq xizmati organiga joriy hisobot davri uchun taxmin qilinayotgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining summasi haqida ma’lumotnoma taqdim etadilar.

Soliq kodeksining 354-moddasiga asosan, yagona soliq to‘lovini to‘lashdan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tgan soliq to‘lovchilar umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tgan birinchi chorak uchun foyda solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilinadi.

Savol: Soddalashgan tartibda QQS to‘lash rejimida QQS bilan olingan tovarlarni QQS summasini hisobga olsak bo‘ladimi?

Javob: Soliq kodeksining 226-3-moddasi beshinchi qismiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llayotgan soliq to‘lovchilar soliq solinadigan aylanmalar bo‘yicha QQSni soliq solinadigan baza va belgilangan tabaqalashtirilgan stavkadan kelib chiqqan holda to‘langan QQSni hisobga olishni qo‘llamasdan hisoblab chiqaradi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llayotgan soliq to‘lovchilar umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tganda tovar-moddiy zaxiralarning qoldiqlari bo‘yicha QQSni hisobga (zachyotga) olish huquqiga ega emas.

Savol: YaTT 100 mln. so‘mdan ko‘p oborot amalga oshirilsa qanday soliq to‘lanadi?

Javob: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021 yilgi budjeti mo‘ljallari to‘g‘risida”gi PQ-4086-son qaroriga asosan:

kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq to‘lovini 4 foiz stavkada to‘lashi;

kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda to‘lashi belgilandi.

SHu bilan birga, Soliq kodeksining 311-moddasiga asosan har oyda eng kam ish haqining bir barobari miqdoridi yagona ijtimoiy to‘lovlarni to‘laydi.

Savol: Ko‘chmas mulkim bor, ushbu mulkni 2-3 kunga ijaraga bersam ham, ijara shartnomasini soliq organidan ro‘yxatdan o‘tkazishga boramanmi?

Javob: 2019 yil 1-yanvardan boshlab “Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga (Adliya vazirligi 3077-son bilan 11.10.2018 y. ro‘yxatga olingan) asosan turar va noturar mulkni ijaraga berish shartnomasi soliq organlarida hisobga qo‘yiladi.

Buning uchun, ijara beruvchi va ijaraga oluvchi o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma tuzilishi va uni soliq organlarida hisobga qo‘yish lozim.

Shartnomani hisobga qo‘yish uchun soliq organlari tomonidan hech qanday haq olinmaydi.

Hisobga qo‘yish ikkita usulda amalga oshiriladi.

1. Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalidagi soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga joylashtirilgan “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmati orqali yoki,

2. Jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tgan joyidagi soliq inspeksiyasiga tashrif buyurgan holda.

Agar Sizda elektron raqamli imzo mavjud bo‘lsa, my.soliq.uz portalidagi shaxsiy kabinetingizga kirasiz va “Ijara shartnomalarini hisobga olish” xizmatini tanlab, hisobga qo‘yish bo‘yicha SO‘ROVNOMAni to‘ldirasiz va unga pasportingiz hamda ijara shartnomasining elektron nusxasini biriktirib Jo‘natish tugmasini bosishingiz kifoya.

Savol: Xususiy bog‘chalarga 2018 yilda imtiyoz bor edi, 2019 yilda ham imtiyozlar saqlanib qolindimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15-sentabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3276-sonli qaroriga asosan, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar, 2021 yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) ozod qilingan. Bunda ozod qilinayotgan mablag‘lar ularni zamonaviy o‘quv vositalari bilan jihozlash, zarur mahsulotlar va jihozlar sotib olish, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga maqsadli yo‘naltirilishi lozim.

Savol: Mening korxonam o‘ziga alohida quduq (skvajina) o‘rnatgan holda suv resurslaridan foydalanadi? Bunda suv o‘lchagich asboblari o‘rnatilishi kerakmi?

Javob: Soliq kodeksining 260-moddasiga muvofiq suv hajmi suv o‘lchagich asboblarining ko‘rsatkichlari asosida, agarda suv o‘lchagich asboblarsiz foydalanilgan taqdirda, suv obyektlaridan suv olish limitlaridan, suv iste’molining texnologik va sanitariya normalaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

SHunga ko‘ra, korxona tomonidan suv o‘lchagich asboblarining o‘rnatilishi lozim. Aks holda, suvning hajmi suv obyektlaridan suv olish limitlaridan, suv iste’molining texnologik va sanitariya normalaridan, kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Savol: Yil yakunlari bo‘yicha TMZda qoldiq qolgan, QQS bilan buni qanday hisob (zachyot)ga olaman?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2261-moddasiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning umumbelgilangan tartibiga o‘tilganda yuridik shaxs ushbu tartibga o‘tilgan paytdan e’tiboran tovar-moddiy zaxirasi, uzoq muddatli aktivlar qoldiqlari, shuningdek tayyor mahsulot qoldiqlari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini ushbu Kodeksning 218-moddasida belgilangan talablarni inobatga olgan holda hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Bunda avvalambor, tovar-moddiy zaxirasi, uzoq muddatli aktivlar qoldiqlari, shuningdek tayyor mahsulot qoldiqlari bo‘yicha inventarizatsiya o‘tkazilishi lozim. Inventarizatsiya o‘tkazish tartibi Adliya vazirligida 1999 yil 2-noyabrda 833-son bilan ro‘yxatga olingan 19-sonli BXMSda belgilangan. Buning uchun korxona rahbari buyruq chiqarishi va komissiya tuzishi lozim.

Inventarizatsiya doirasida QQS bilan va QQSsiz olingan TMZ qoldiqlarini ajratish kerak.

QQS bilan olingan TMZ qoldiqlari majburiy tartibda tegishli hisob-varaqa fakturalar bilan tasdiqlanishi lozim.

Soliq kodeksining 218-moddasiga asosan, budjetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini aniqlashda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oluvchi haqiqatda olingan va (yoki) soliq to‘lovchi tomonidan ishlab chiqarilgan hamda o‘z ehtiyojlari uchun foydalanilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) qo‘shilgan qiymat solig‘ining summasini hisobga olish huquqiga ega, agar bunda quyidagi shartlar bajarilsa:

1) tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oluvchi ushbu Kodeksning 197-moddasiga muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi bo‘lsa;

11) tovarlardan (ishlardan, xizmatlardan) soliq solinadigan oborotlar, shu jumladan nol darajali stavka qo‘llaniladigan oborotlar maqsadida foydalanilsa;

2) olingan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) yetkazib beruvchi tomonidan yozilgan hisobvaraq-faktura yoki ushbu Kodeksning 222-moddasiga muvofiq taqdim etiladigan qo‘shilgan qiymat solig‘i alohida ajratib ko‘rsatilgan boshqa hujjat mavjud bo‘lsa;

3) tovarlar import qilinganda qo‘shilgan qiymat solig‘i budjetiga to‘langan bo‘lsa. Agar import qilingan tovarlar bo‘yicha soliqni budjetiga to‘lashdan ozod etish tarzida bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan imtiyoz berilgan bo‘lsa ham qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinadi;

4) ushbu Kodeksning 207-moddasida nazarda tutilgan hollarda qo‘shilgan qiymat solig‘i budjetiga to‘langan bo‘lsa;

5) nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinadigan tovarlar eksportida chet ellik sotib oluvchi (to‘lovchi) tomonidan eksport qilinayotgan tovarlar uchun haq to‘langanligini tasdiqlovchi bank hujjatidan ko‘chirma mavjud bo‘lsa.

Savol: Yagona yer solig‘ini to‘lovchilar qaysi hollarda yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘laydilar?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24-dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-508-son qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarga muvofiq, yer uchastkalari obyektlari va maydonlaridan samarasiz foydalanilganligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlangan taqdirda, yagona yer solig‘ini to‘lovchilar ushbu yer uchastkalari obyektlari va maydonlari bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini ushbu Kodeks 269-1-moddasining uchinchi qismida hamda 283-moddasining uchinchi qismida belgilangan tartibda to‘laydi.

Savol: 2019 yil 1-yanvardan jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblash bo‘yicha qanday me’yor belgilangan?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 15-ilovasiga asosan jismoniy shaxslarning 2019 yil uchun hisoblangan mol-mulk solig‘i summasi 2018 yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,3 martadan ortiq oshishi mumkin emas.

Savol: Toshkent shahrida yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarning yer solig‘i stavkalarining miqdorlari qancha?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 16-ilovasiga asosan 2019 yil Toshkent shahrida yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarning yer solig‘i stavkalari quyidagicha belgilandi.

Zona

Yuridik shaxslardan undiriladigan yer solig‘i stavkalari, 1 ga uchun, so‘mda

Yakka tartibda uy-joy qurishga beriladigan yerlar uchun fuqarolardan undiriladigan yer solig‘ining bazaviy stavkalari, 1 kv. m uchun, so‘mda

1

157 410 563

902,5

2

125 928 450

766,1

3

94 446 338

629,6

4

62 964 225

493,2

5

31 482 113

356,8

Savol: Jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan yer uchastkalaridan qaysi stavkada yer solig‘i hisoblanadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 16-ilovasiga asosan 2019 yilda 2018 yil amalda bo‘lgan tartib saqlab qolinadi, ya’ni jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan yer uchastkalaridan soliq yuridik shaxslar uchun tasdiqlangan stavkalar bo‘yicha undiriladi.

  • Belgilangan normativlardan ortiq yer uchastkalari uchun yer solig‘ini hisoblab chiqarishni tushuntirib bering.

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 16-ilovasiga asosan jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘ini hisoblab chiqarishda bazaviy stavkalar belgilangan normativlar doirasida yer uchastkalariga nisbatan qo‘llanadi, belgilangan normativlardan ortiq yer uchastkalari uchun bazaviy stavkalarga esa oshiruvchi koeffisient – 1,5 qo‘llanadi.

Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadida yer uchastkalarining quyidagi normativlari qo‘llanadi:

Toshkent sh., Nukus sh. va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar – 0,06 ga;

boshqa aholi punktlari (dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno) – 0,1 ga.

Savol: Yengil avtomobil, mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillarini ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari qancha?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 24-ilovasiga asosan 2019 yilga yengil avtomobilni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun 330000 so‘m, mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillarini ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun 645000 so‘m miqdorida ijara to‘lovining eng kam stavkalari belgilandi.

Savol: Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari soliq ta’tillari foydalanish xuquqiga egami?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24-dekabrdagi O‘RQ-508-son qonuniga muvofiq Soliq kodeksning 54-moddasiga kiritilgan o‘zgarishlarga asosan savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari yagona soliq to‘lovini to‘lash bo‘yicha soliq ta’tillaridan foydalanishi huquqiga ega emas.

Savol: Tojikiston Respublikasi avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va u orqali tranzit qilishdan yig‘imlar stavkalari bo‘yicha ma’lumot bering.

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 17-ilovasiga asosan 2019 yildan 2018 yilga nisbatan Tojikiston Respublikasi avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va u orqali tranzit qilishdan yig‘imlar stavkasi pasaytirildi (AQSH dollarida):

10 tonnagacha

  1.  

10 tonnadan 20 tonnagacha

  1.  

20 tonnadan ko‘p

  1.  

Javob: Eslatib o‘tamiz: o‘tgan yil uchun Tojikiston Respublikasi avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va u orqali tranzit qilishdan yig‘imlar stavkasi 300 AQSH dollari qilib belgilangan edi.

Savol: Aholiga maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazga aksiz solig‘i solinadimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24-dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-508-son qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarga muvofiq, ixtisoslashtirilgan gaz ta’minoti korxonalari orqali aholiga maishiy ehtiyojlar uchun realizatsiya qilinadigan suyultirilgan gazga aksiz solig‘i solinmaydi.

  • Aroq va boshqa alkogolli mahsulotlar uchun aksiz solig‘ini stavkalarini qancha?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 19-ilovasiga asosan 2019 yildan aroq va boshqa alkogolli mahsulotlar uchun aksiz solig‘i miqdori 1 dal tayyor mahsulot uchun 84500 so‘m qilib belgilandi. (1 dal=10 litr)

Eslatib o‘tamiz: aroq va boshqa alkogolli mahsulotlarga aksiz solig‘ining o‘tgan yilgi miqdori 1 dal uchun 67571 so‘m edi.

Savol: 1 mlrd. so‘mdan oshiq aylanma bajargan korxonalar umumbelgilangan tartibda soliq to’lash tizimiga o’tkazilishi munosabati bilan buyurtmachilarimiz QQS alohida ko’rsatib hisob varaq faktura berishni so’rashmoqda. Aylanmamiz 1 mlrd. so’mdan kam va biz yagona soliq to’lovchimiz. QQSga ixtiyoriy ravishda o’tish imkoniyatiga egamizmi?

Javob: Soliq kodeksining 354-moddasiga asosan agar yagona soliq to’lovini to’lovchilar ushbu Kodeksning 199-moddasiga muvofiq qo’shilgan qiymat solig’i solinadigan oborotni amalga oshirsa, qo’shilgan qiymat solig’ini ixtiyoriy asosda to’lashi mumkin. Yuridik shaxslar qo’shilgan qiymat solig’ini to’lashga o’tish uchun hisobot davri boshlanishidan kamida bir oy oldin, yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar esa o’z faoliyatini amalga oshirishni boshlaguniga qadar soliq bo’yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga yozma bildirish taqdim etadi.

Savol: Umumbelgilangan tartibda soliq to’lash tizimiga o’tishimiz munosabati bilan moliyaviy hisobotlarni (balans – forma-1, moliyaviy natijalar – forma-2) har chorakda topshiramizmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan Kichik tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo’lgan tashkilotlarning takomillashtirilgan tasniflagichi (klassifakatori)  bo’yicha (o’rtacha xodim soni) kichik tadbirkorlik sub’ekti  toifasiga kirsa  yilda bir marta moliyaviy hisobot taqdim etiladi. 

Savol: Korxonamiz umumbelgilangan tartibda soliq to’lovchi (shu jumladan qo’shilgan qiymat solig’i ham). Qozog’iston Respublikasidan jo’xori donini olib kelib mahalliy parrandachilik korxonalariga sotmoqchimiz. Qo’shilgan qiymat solig’i to’lovchisi bo’lamizmi?

 

Javob: Olib kelingan jo’xori import qilinganda qo’shilgan qiymat solig’i byudjetga to’langan bo’lsa. Agar import qilingan tovarlar bo’yicha soliqni byudjetga to’lashdan ozod etish tarzida bo’shagan mablag’larni aniq maqsadlarga yo’naltirish sharti bilan imtiyoz berilgan bo’lsa ham qo’shilgan qiymat solig’i hisobga (zachet) olinadi. Realizatsiya qilishda hisoblangan QQSdan import qilinganda to’langan QQSni kamaytirib byudjetga to’lab berishingiz lozim.

Savol:   Paynetlar to’g’risida tushuncha berib o’tsangiz. Paynetlarga tegishli soliq qonunchiligidagi yangiliklar haqida axborot bersangiz.

Javob: 24.12.2018 yildagi O’RQ-508 sonli qonunga asosan kiritilgan o’zgartirishlar bo’yicha vositachilik, topshiriq shartnomasi bo’yicha hamda vositachilik xizmatlari ko’rsatishga oid boshqa shartnomalar bo’yicha vositachilik xizmatlari ko’rsatuvchi yuridik shaxslar yillik aylanmaning (tushumning) belgilangan chegaraviy miqdorini tovar aylanmasidan (bitim summalaridan) kelib chiqqan holda hisoblab chiqaradi. SHundan kelib chiqib 2018 yil yakunlari bo’yicha bitim summasi 1 mlrd. so’mdan oshsa bunday korxonalar umumbelgilangan tartibda soliq to’lash (shu jumladan qo’shilgan qiymat solig’i ham) tartibiga o’tkaziladi. Agar korxonaning tushumi 1 mlrd. so’mdan kam bo’lsa, yagona soliq to’lovi to’lovchisi bo’ladi. PQ-4086 sonli qarori bilan tasdiqlangan soliq stavkalariga asosan yalpi tushumdan 25% miqdorida (o’tgan yili 33%) yagona soliq to’lovi to’laydi. SHuningdek korxona yer, mol mulk va yer soliqlari to’lovchisi bo’ladi.

 

Savol: Ulgurji litsenziyasi bor va pul aylanmasi ulgurji hisob raqamidan o’tib 5% ushlab qolinadi. Hozirgi kunda, ya’ni 2019 yil 1-yanvardan boshlab umumbelgilangan soliqqa o’tdik, ulgurji hisob raqami yopiladimi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qarori 34-ilovasiga asosan ulgurji savdo korxonalari uchun – o’tkazilgan har bir savdo operatsiyasidan tushadigan summaning 5 foizi miqdorida yagona soliq to’lovi bo’yicha avans to’lovlarini to’lash to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010 yil 14-yanvarda ro’yxatdan o’tkazilgan 2065 nizom bekor qilindi. SHundan kelib chiqib 2019 yil 1-yanvardan haqiqatda amalga oshirilgan tovar aylanmadan belgilangan tartibdagi soliq hisoblanib hisobot taqdim etiladi va  belgilangan muddatlarda to’lovlar amalga oshiriladi.

Savol: 2018 yilda qolgan qoldiq tovar moddiy boyliklar 2019 yilda qanday holatda sotiladi. QQS qo’llaniladimi.

Javob: Agar korxona 2018 yil yakunlari bo’yicha 1 mlrd. so’mdan oshiq tovar aylanma bajarsa 2019 yildan umumbelgilangan soliq to’lash tizimiga (shu jumladan qo’shilgan qiymat solig’i)  o’tkaziladi. Agar korxona umumiy tartibda 20% miqdorida QQS  to’lovchi  bo’lsa qoldiq tovar va xom ashyo uchun to’langan QQSni hisobga olish  (zachet)  qilish vakolatiga ega bo’ladi. Agarda korxona 3 mlrd. so’mdan kam aylanma bajargan bo’lsa, belgilangan tartibda soddalashtirilgan tartibda soliq to’lash tizimiga o’tib hisobga olish (zachet) vakolatiga ega bo’lmasdan belgilangan stavka bo’yicha sotilgan mahsulot, bajarilgan ish va ko’rsatilgan xizmat hajmidan QQS to’lovchi bo’ladi.

Savol: Ulgurji va chakana savdo dorixona tashkilotlari uchun ulgurji narx belgilashda tovar bazaviy narxiga nisbatan 15% dan yuqori qo’yish mumkin emas. QQS (20%) joriy etilishi bilan narx belgilashda qiyinchilik kelib chiqishi mumkin, shu haqda dorixonalar uchun  ma’lumot bersangiz

Javob: Demak, korxona agar 2018 yil yakunlari bo’yicha 1 mlrd. so’mdan oshiq tovar aylanma bajargan bo’lsa 2019 yildan umumbelgilangan tartibda soliq to’lash tizimiga o’tkaziladi. Hamda belgilangan tartibdagi  umumbelgilangan soliqlar (foyda, QQS, yer, mulk, suv va boshqa soliqlar) to’lovchisi bo’ladi. SHuningdek dorixona Soliq kodeksining  208-moddasiga asosan qo’shilgan qiymat solig’idan ozod etiladigan oborotlarga kiritilganligidan kelib chiqib dorixona tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti QQSdan ozod qilingan.

Savol: Mikrofirma va kichik korxonalar oldin eng kam ish haqining 65% miqdorida yagona ijtimoiy to’lovning eng kam miqdorini to’lar edi. Hozir 12 foiz yagona ijtimoiy to’lovni qanday hisoblaymiz?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qarori 34-ilovasi, 2008 yil 29-dekabrdagi PQ-1024 sonli “O’zbekiston Respublikasining 2009 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to’g’risida”gi Qarori 7-bandiga asosan O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010 yil 13-aprelda ro’yxatdan o’tkazilgan 2095-sonli “Yagona ijtimoiy to’lovning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona ijtimoiy to’lovni hisoblab chiqarish va to’lash tartibi to’g’risida”gi nizom bekor qilindi. SHundan kelib chiqib haqiqatda hisoblangan ish haqidan 12% miqdorida yagona ijtimoiy to’lov hisoblanadi

Savol: Bino inshootlarga hisoblanadigan mulk solig’i kadastr bahosidan hisoblanadimi yoki baholash bilan hisob kitob qilinadimi? Yagona soliq to’lovchi bo’lganimiz uchun kadastr tomonidan binolar bahosi deb ko’rsatilgan.

Javob: Korxonaning mol-mulklari litsenziyaga ega bo’lgan baholovchi korxonalar tomonidan baholanadi. Kadastr idoralari tomonidan berilgan baholar ma’lumot sifatida qabul qilinishi kerak. Mol-mulk solig’i ko’chmas mulk bo’yicha – o’rtacha yillik qoldiq qiymatidan 2% miqdorida  isoblanishi lozim bo’ladi. Ko’char mulklardan mulk solig’i hisoblanmaydi.

Savol: Korxona 2 faoliyat turi bilan bilan shug’ullanadi hamda soddalashtirilgan QQS to’lovchisi bo’lib hisoblanadi.

  1. Ishlab chiqarish
  2. Ulgurji savdo

QQS stavkasi 6% qo’llaniladimi yoki 7% stavkami?

Javob: Amaldagi tartiblarga asosan bir necha faoliyat turini amalga oshirsa, xar bir faoliyat uchun alohida hisob yuritishi va har bir uchun belgilangan stavkalarda QQS to’lashi lozim. Agarda korxona alohida hisob yuritmasa barcha faoliyat turlaridagi yuqori stavka bo’yicha QQS to’lashi lozim bo’ladi.

Manzil:
Toshkent shahar, Kichik halqa yo'li 3- uy

telefon: 71-230-90-07, faks: 71-230-16-50
Вернуться на верх